Madridning «Real» klubi La Ligada uzoq kutilgan «quruq» o‘yinni o‘tkazdi. Alvaro Arbeloa shogirdlari ikkinchi bo‘limda Vinisius Junior tomonidan yo‘llangan ikkita aniq zarba evaziga «Espanyol» ustidan safarda g‘alaba qozonishdi (2:0).
«Qaymoqranglilar» uchun bu chempionat doirasida qariyb uch oy ichida gol o‘tkazib yuborilmagan ilk bahs bo‘ldi — jamoa oxirgi marta 8 fevral kuni «Valensiya»ni xuddi shunday hisobda mag‘lub etganda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan edi.
Mavsum yakunlanishiga to‘rtta tur qolganda «Real» peshqadam «Barselona»dan 11 ochko ortda qolmoqda. Keyingi turda jamoalar o‘zaro to‘qnash kelishadi — «ko‘k-anorranglilar» g‘alaba yoki durang qayd etgan taqdirda muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritishadi.













