«Bavariya» bosh murabbiyi Vensan Kompani «Arsenal» ustozi Mikel Artetaning fikrlariga izoh berdi. Avvalroq Arteta Myunxen klubi va «PSJ» o‘z ligalarining sifati APLga qaraganda pastroqligi sababli futbolchilariga dam berish imkoniyatiga ega ekanligini ta’kidlagan edi.
«Bu borada ko‘p izoh bermoqchi emasman. Men APLda ko‘p yillar o‘ynaganman. Menimcha, bu gaplar «Bavariya» yoki «PSJ»ga nisbatan tanqid emas, balki shunchaki mulohaza sifatida aytilgan. Angliyada sizda ligada 38 ta o‘yin, Liga kubogi, Angliya kubogi bor va qishki tanaffus mavjud emas. Buni muhokama qilish menga emas, lekin bu mulohazalar ancha asosli. Yurgen Klopp ham bu haqda ko‘p marta gapirgan», — dedi Kompani matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, Chempionlar ligasi yarim finali doirasida «Arsenal» javob uchrashuvida «Atletiko» bilan bahs olib borsa, «Bavariya» «PSJ»ga qarshi maydonga tushadi.













