«PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrike Chempionlar ligasi doirasida safarda «Bavariya» bilan qayd etilgan durangdan (1:1) so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi. Parijliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 6:5 hisobida g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.
«Bu ajoyib xotira bo‘lib qoladi. O‘yin juda shiddatli o‘tdi. Himoyamiz hujumdan ko‘ra yaxshiroq harakat qildi. «Bavariya» kabi jamoaga qarshi bahsda ko‘rsatgan xarakterimiz — bu juda ijobiy holat. Ketma-ket ikkinchi bor Chempionlar ligasi finaliga chiqqanimizdan baxtiyormiz.
Juda qiyin bo‘ldi. «Bavariya» yuqori darajada o‘ynaydi. Ikkala jamoa ham bir-biriga o‘xshash, biz yuqori pressingni yaxshi ko‘ramiz. Natijadan juda mamnunmiz. Ikki kundan keyin tug‘ilgan kunim. Men baxtliman. Finalga chiqdik va endi muxlislarimizga haqiqiy sovg‘a taqdim etmoqchimiz», — deya Enrikening so‘zlarini keltirmoqda BBC.
Eslatib o‘tamiz, «PSJ» 30 may kuni YECHL finalida «Arsenal»ga qarshi maydonga tushadi.













