«Barselona» hamon Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olishdan umid uzgani yo‘q. Kataloniya klubi rahbariyati «matraschilar»ning argentinalik yulduz bilan xayrlashishni istamayotganidan xabardor, biroq o‘z rejalaridan voz kechmoqchi emas.
Shunday bo‘lsa-da, jurnalist Fernando Poloning xabar berishicha, «ko‘k-anorranglilar» Alvares uchun 100 million yevrodan ortiq mablag‘ taklif qilishmaydi — bu klub uchun eng yuqori chegara (limit) hisoblanadi. Transfer amalga oshishi uchun hujumchining o‘zi klubdan sotilishini talab qilishi kerak bo‘ladi. «Barsa» yaqin haftalar ichida futbolchidan aniq harakatlar kutmoqda.
Xulian Alvares joriy mavsumda o‘tkazilgan 49 ta o‘yinda 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali 26 yoshli futbolchining qiymatini 90 million yevroga baholamoqda.













