«Real Madrid» jamoasidagi nosog‘lom muhitning asosiy sababchilaridan biri sifatida Jud Bellingem va uning atrofidagi insonlar ko‘rsatilmoqda. Bu haqda Onda Cero nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Judning otasi klubning ichki jarayonlariga bevosita aralashgan. Sobiq murabbiy Xabi Alonso Bellingemni maydon markazida chuqurroq pozisiyaga (himoyaga yaqinroq, hujumdan uzoqroq) o‘tkazishga qaror qilganda, futbolchining otasi bu qarorga keskin qarshi chiqqan.
Bu holat Judning ham murabbiy qaroriga nisbatan noroziligini oshirgan va yakunda jamoa ichidagi muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vinisius Junior ham Alonsoning ish uslubidan norozi bo‘lgani va murabbiy bilan kelishmovchiliklar fonida jamoadagi muhitni buzgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xabi Alonsoning «Real»dan ketishiga aynan shu kabi ichki ziddiyatlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.













