Shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju Varshavadagi turnir oldidan bergan intervyusida hamyurtimiz Javohir Sindarov haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Intervyuning asosiy nuqtalari:
Nomzodlar turniri haqida:
"Javohir Nomzodlar turnirida erishgan natija shunchaki hayratlanarli va o‘ta dominant. U o‘tgan yili Jahon kubogini yutib, o‘zining qanchalik kuchli ekanligini ko‘rsatgan edi. Uning elitaga olib kirgan yangi energiyasi shaxmat olami uchun juda foydali".
Bo‘lajak Jahon chempionligi bahsi haqida:
"Javohir va men deyarli tengdoshmiz. Nomzodlar turniri va Jahon chempionligi uchun match — bu butunlay boshqa-boshqa musobaqalar. Shuning uchun hozirgi natijalardan uzoq muddatli xulosa chiqarmagan bo‘lardim. Oldinda bizni juda hayajonli bahs kutmoqda".
Favorit kim?
"Odatdagidek, men favoritlarga ishonmayman. Kim o‘sha belgilangan kunda o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Mening maqsadim bor mahoratimni ko‘rsatish".













