Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted» klubi sobiq hujumchisi Ueyn Runi Premyer-liganing joriy mavsumidagi chempionlik poygasi bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Match of the Day ko‘rsatuvi efirida chiqish qilgan Runi turnir yakuni bo‘yicha kutilmalarini ma’lum qildi.
«Menimcha, «Manchester Siti» shunchaki o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonishga harakat qilishi kerak. O‘tgan hafta ular «Everton»ga qarshi bahsda ochko yo‘qotishi mumkinligini aytgandim. Ammo hozirgi hissiyotlarimga ko‘ra, har ikki jamoa qolgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonadi. Bunday holatda esa «Arsenal» chempionlikni qo‘lga kiritadi», — dedi Runi.
Ma’lumot uchun, Mikel Arteta shogirdlarini oldinda «Vest Hem», «Byornli» va «Kristal Pelas»ga qarshi o‘yinlar kutmoqda. Pep Gvardiola jamoasi esa «Kristal Pelas», «Bornmut» va «Aston Villa» bilan kuch sinashadi. Shuningdek, «shaharliklar» Angliya Kubogi finalida «Chelsi» bilan bahs olib boradi.













