«Napoli» bosh murabbiyi Antonio Konte A Seriyaning 36-turida «Bolonya»dan qabul qilib olingan mag‘lubiyat (2:3) haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Agar pressing qilmoqchi bo‘lsangiz, buni to‘g‘ri bajarishingiz kerak, chunki yarim kuch bilan harakat qilsangiz, shunchaki behuda yugurgan bo‘lasiz. Pressingda qat’iyatliroq bo‘lishimiz mumkin edi, biroq joriy mavsumda birinchi marta 0:2 hisobida ortda qolganimiz yo‘q, demak bu tasodif emas. Ko‘rinib turibdiki, o‘yin boshidanoq diqqatliroq bo‘lishimiz zarur, chunki bu holat takrorlanmoqda.
Biz vaziyatni o‘nglab, g‘alaba qozonish uchun bor kuchimizni ishga soldik. Ammo g‘alaba qozona olmasang, hech bo‘lmaganda mag‘lub bo‘lmaslikka harakat qilishing kerak. Mag‘lubiyatga loyiq edik deb o‘ylamayman, lekin futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi.
Oldinda yana ikkita o‘yin bor. Kuch to‘plab, Chempionlar ligasi yo‘llanmasini naqd qilishimiz va o‘zimizni eng yaxshi tomondan ko‘rsatishimiz kerak. O‘yindan xafa emasman, bugun yigitlar o‘z vazifalarini bajarishni xohlaganini ko‘rdim, biroq ba’zida kutilmagan burilishlar bo‘lib turadi», — dedi Konte DAZN Italia nashriga bergan intervyusida.













