«Manchester Yunayted»ning sobiq futbolchisi Gari Nevill «PSJ» va «Arsenal» o‘rtasida kechadigan Chempionlar ligasi finali haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
«Arsenal» kuchli ruhiy turtki oldi. Ular «Atletiko»ni mag‘lub etishdi, «Manchester Siti»ning «Everton» bilan o‘yinda ochko yo‘qotganini kuzatishdi va shundan so‘ng «Vest Xem» ustidan g‘alaba qozonishdi (1:0).
Bunday g‘alaba 3:0 hisobidagi muvaffaqiyatdan ko‘ra ancha qadrliroqdir. Albatta, har doim oson g‘alaba qozonishni xohlaysan, lekin bunday natijalar jamoaga ishonch, chidamlilik va yangi kuch bag‘ishlaydi.
Chempionlar ligasi finalida ular o‘zlarining himoyalanish qobiliyatlari haqida, o‘zlaridan kuchliroq bo‘lgan jamoadan 90 daqiqa davomida qanday qilib ustun kelishi mumkinligi haqida o‘ylashlari kerak.
Chunki «PSJ» ulardan kuchliroq. Bu haqiqatdan qochib bo‘lmaydi. Hozirgi kunda «PSJ» «Arsenal»dan yaxshiroq shakllangan va ular buni oxirgi ikki mavsum davomida isbotlab kelishmoqda.
Mikel Arteta uchun bu yangi darajaga chiqish imkoniyati, Chempionlar ligasidagi g‘alaba aql bovar qilmas yutuq bo‘lgan bo‘lardi.
22 yil ichida ilk bor APLda zafar quchish — bu ulkan natija, ammo bunga qo‘shimcha ravishda Chempionlar ligasi titulini qo‘lga kiritish hayratlanarli muvaffaqiyatdir.
Nazarimda, hozir «Arsenal»ning APLda g‘olib chiqishi uchun ayni munosib vaqt, lekin Chempionlar ligasidagi g‘alaba uchun emas.
Menimcha, hozir «PSJ»ning ketma-ket ikkinchi bor chempion bo‘lishi uchun eng qulay payt. Luis Enrike esa bu natijaga erishgan «ilohiy» murabbiylar qatoridan joy olishi mumkin», — dedi Gari Nevill Sky Sports podkastida.













