«Real» va Ispaniya terma jamoasining sobiq himoyachisi Serxio Ramos «Sevilya» klubini sotib olish jarayonini yakunladi va klubning yangi egasiga aylandi. Bu haqda insayder Fabrisio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar bermoqda. Manbaga ko‘ra, kelishuv allaqachon nihoyasiga yetgan.
Ma’lum qilinishicha, klubni sotib olishda futbolchining to‘ng‘ich akasi va agenti Rene Ramos ham ishtirok etmoqda. Rasmiy bayonot berilishidan oldin Ramosning huquqshunoslari tomonidan tegishli huquqiy qadamlar qo‘yilishi kutilmoqda.
Serxio Ramos «Sevilya» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U aynan ushbu klubdan 2005 yilda «Real Madrid»ga o‘tgan edi. 2023 yilning sentyabrida ispaniyalik futbolchi qadrdon klubiga qaytib, u yerda 2023/2024 yilgi mavsumni o‘tkazdi. 2026 yil boshidan buyon 40 yoshli o‘yinchi erkin agent maqomida bo‘lib turibdi.













