«Fiorentina» va Italiya terma jamoasi sobiq yulduzi Roberto Badjo o‘zining bolalik yillari va oilasi haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda Corriere della Sera nashri xabar bermoqda.
«Eng birinchi xotiram? Albatta, to‘p. Men u bilan birga uxlardim, doim o‘zim bilan olib yurardim. Oilamiz katta edi — 10 kishi edik. Hammamiz bir dasturxon atrofida o‘tirgan tushlik va kechki ovqatlarni eslayman. Imkoniyatlarimiz cheklangan bo‘lsa-da, bizda hamma narsa bor edi. Otam mehnatkash inson bo‘lib, futbol va velosportni sevardi, «Inter»ga muxlislik qilardi», — deya eslaydi Badjo.
Afsonaviy futbolchi bolaligida o‘z shahri jamoasi — Paolo Rossi to‘p surgan «Vichensa»ga muxlislik qilganini va stadionga otasining velosipedida borganini aytib o‘tdi.
«Agar futbol bo‘lmaganida, kim bo‘lardim? Otam bilan birga chilangar bo‘lib ishlardim. U o‘z ishining ustasi edi. Ustaxonadagi dastgoh derazam tagida turardi. Uxlashga yotganimda ham, uyg‘onganimda ham uning ishlayotganini eshitardim. Otam bilan birga ovga chiqardik. Bu biz uchun xobbi emas, balki ovqat tayyorlash uchun yemish topish usuli edi. Biz och qolmasdik, lekin ilk bor steyk yeganimni hech qachon unutmayman. Turmush o‘rtog‘im Andreina bilan endi uchrasha boshlagan kezlarimiz qaynotam menga yaxlit steyk tayyorlab bergan. Men hayron bo‘lib, uni kim bilan bo‘lishishim kerakligini so‘raganman. Chunki uyimizda bitta steykni 10 kishiga bo‘lardik», — deydi «ilohiy kokil» sohibi.













