«Arsenal» hujumchisi Leandro Trossardning shaxsiy hayotida murakkab davr boshlangani haqida ingliz OAVlari xabar tarqatmoqda. Bunday shubhalar futbolchining rafiqasi Lauraning ijtimoiy tarmoqlardagi harakatlaridan so‘ng paydo bo‘ldi.
Belgiyalik ayol ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan turmush o‘rtog‘i bilan tushgan barcha suratlarini, jumladan, 2019 yilgi to‘y rasmlarini ham o‘chirib tashlagan. U faqat farzandlari — 9 yoshli Tyago va 3 yoshli Amadeo bilan tushgan suratlarini qoldirgan, xolos. Shuningdek, dekabr oyidan beri Lauraning qo‘lida nikoh uzugi ko‘rinmayotgani ham e’tiborni tortgan.
Ma’lumot o‘rnida, Leandro va Laura qariyb 13 yildan beri birga edilar. Bu voqealar «kanonirlar» uchun muhim pallada — 30 may kuni Budapeshtda «PSJ»ga qarshi bo‘lib o‘tadigan Chempionlar ligasi finali arafasida yuz bermoqda.
Eslatib o‘tamiz, Trossarning «Arsenal» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar imzolangan.













