Milanning «Inter» klubi bosh murabbiyi Kristian Kivu Italiya Kubogi finali doirasidagi «Lasio»ga qarshi o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Agar «neradzurrilar» bugun g‘alaba qozonsa, 2010 yildan beri ilk bor «oltin dubl»ni (bir mavsumda ham chempionat, ham kubokda zafar quchish) qayd etishi mumkin.
«Biz bo‘lajak «dubl» haqida qayg‘urib, unga bog‘lanib qolmasligimiz lozim. Bu mavsumda erishgan barcha yutuqlarimizga haqlimiz, biroq hozir vazminlik va sovuqqonlikni saqlab qolish muhim. Finalga xotirjamlik, tabassum va o‘yindan zavq olish ishtiyoqi bilan chiqishimiz kerak. Jo‘shqinlik va kamtarlik bizni oxirigacha tark etmasligi lozim», — dedi Kivu OAV vakillari bilan suhbatda.
Eslatib o‘tamiz, «Inter» shu yilning may oyi boshida muddatidan oldin chempionlikni rasmiylashtirgan edi. Yaqinda — o‘tgan shanba kuni jamoalar A Seriya doirasida to‘qnash kelishgan va unda milanliklar 3:0 hisobida zafar quchishgan.
Italiya Kubogining final uchrashuvi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da boshlanadi.













