«Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Kazemiro «Real»dagi sobiq jamoadoshi Luka Modrich bilan bog‘liq qiziqarli xotirani bo‘lishdi.
Braziliyalik futbolchi Rio Ferdinandning podkastida Madrid klubi bilan ikkinchi bor YECHLda g‘olib chiqqanlaridan keyingi voqeani so‘zlab berdi.
«Ikkinchi bor Chempionlar Ligasida g‘olib chiqqanimizdan so‘ng Luka Modrich shunday dedi: «Biz yana ikki marta yutishimiz kerak!». Men esa unga: «Luka, sen ko‘p ichib yuboribsan shekilli», deb javob berdim. U esa o‘z so‘zida turib oldi: «Yo‘q, yo‘q, biz albatta yana ikkita kubokni qo‘lga kiritishimiz shart». Yakunda esa biz yana uch bor ushbu turnirda zafar quchdik», — deydi Kazemiro.
Ma’lumot uchun, Kazemiro 2013-2022 yillar davomida «Real» sharafini himoya qilgan. U o‘zining madridliklar safidagi ikkinchi YECHL kubogini 2016 yilda qo‘lga kiritgan edi.













