Belgiyalik hujumchi Romelu Lukaku va «Napoli» klubi amaldagi shartnomani o‘zaro kelishuv asosida bekor qilishga qaror qilishdi.
La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, endilikda tajribali futbolchi faoliyatini Saudiya Arabistoni yoki Turkiya chempionatlaridan birida davom ettirishi mumkin. Avvalroq hujumchi o‘z xizmatlarini «Milan» klubiga taklif qilgani haqida ham xabarlar tarqalgan edi.
E’tiborli jihati, chorshanba kuni Romelu Lukaku 33 yoshni qarshi oldi. «Napoli» klubi ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali futbolchini tug‘ilgan kuni bilan tabriklashga ham ulgurdi.
Ma’lumot uchun, Italiya A Seriyasi yakunlanishiga ikki tur qolganda «Napoli» turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa hali Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini naqd qilganicha yo‘q.













