Ispaniya La Ligasi 36-turidan o‘rin olgan «Alaves» — «Barselona» uchrashuvi yakunlandi. Vitoriya shahridagi «Mendisorrosa» stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona golni «Alaves» hujumchisi Ibraim Dyabate birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtning 45+1-daqiqasida kiritdi.
«Barselona» o‘tgan turdayoq muddatidan avval Ispaniya chempioniga aylangan edi. Kataloniyaliklar 36 ta o‘yindan keyin 91 ochko bilan musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turibdi. Shu tariqa, mavsum tugashiga 2 tur qolganida "ko‘k-anorranglilar" joriy mavsumda 100 ochkolik marraga yeta olmasligi aniq bo‘ldi.
«Alaves» esa 40 ochko bilan 15-o‘rinni egallab turibdi va La ligada qolish uchun jiddiy qadam tashladi.
Keyingi turda «Barselona» o‘z maydonida «Betis»ni qabul qiladi, «Alaves» esa safarda «Ovyedo» mehmoni bo‘ladi. La Liganing 37-tur uchrashuvlari 17 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Ispaniya — La Liga, 36-tur
13 may 2026 yil. Vitoriya. «Mendisorrosa» stadioni.
«Alaves» — «Barselona» 1:0
Gol: Dyabate 45+1.













