«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik La Liga doirasida «Alaves»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (0:1) so‘ng klubdagi ichki muhit va jamoaviy birlik haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Germaniyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, klubdagi muvaffaqiyatlar zamirida o‘zaro kuchli bog‘liqlik yotadi.
«Futbolchilar bilan suhbatlashganda ularning bu klubga bo‘lgan cheksiz mehrini his qilaman. Barcha aynan shu yerda o‘ynashni istaydi. Biz, murabbiylar ham «Barsa»da ishlashni xohlaganimiz uchun shu yerdamiz. Bu yerda nimadir o‘zgacha, o‘ziga xos aloqa bor», – deydi Flik.
Murabbiy, shuningdek, klub akademiyasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi:
«Hammasi «La Masiya»dan boshlanadi. Futbolchilar ko‘p yillar davomida bir-birlari bilan birga ulg‘ayishadi, bu esa ular o‘rtasida haqiqiy noyob bog‘liqlikni yuzaga keltiradi».
Eslatib o‘tamiz, Xans-Diter Flik 2024 yilning yozida jamoa jilovini o‘z qo‘liga olgan edi. U «ko‘k-anorranglilar»ni qatorasiga ikkinchi bor Ispaniya chempionligi sari boshlab keldi. Chorshanba kungi bahsda «Barselona» chempion sifatida ilk mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.













