«Barselona» hujumchisi Robert Levandovski faoliyatini Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubida davom ettirishi mumkin. SportoweFakty nashrining xabar berishicha, Ar-Riyod klubi 37 yoshli polyak futbolchisiga yiliga 90 million yevro maosh taklif qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Levandovski ushbu moliyaviy jihatdan o‘ta manfaatli taklifni qabul qilishga juda yaqin turibdi. Hujumchining kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning yozida o‘z nihoyasiga yetadi, bu esa uning kelasi mavsumni boshqa jamoada boshlashi ehtimolini oshiradi.
Robert Levandovski 2022 yildan buyon «ko‘k-anorranglilar» sharafini himoya qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 18 ta gol va 4 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
«Al-Hilol» ayni damda Saudiya Arabistoni chempionatida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa o‘tgan mavsumda kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, undan oldingi mavsumda mamlakat chempionligini rasmiylashtirgan edi.













