Londonning «Arsenal» klubining bir qator xodimlari Chempionlar Ligasi finaliga borish xarajatlari yuqoriligi sababli rahbariyatdan norozi bo‘lishmoqda. The Telegraph nashrining xabar berishicha, 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan bahsga charter reysi bilan borish uchun xodimlar taxminan 1030 yevro to‘lashlari kerak.
Klub tashkiliy ishlarga jalb etilmagan xodimlariga o‘yin uchun bepul chipta taqdim etadi, biroq yo‘l haqi to‘lovli bo‘lib qolmoqda. Xodimlarga mustaqil ravishda borish imkoniyati ham berilgan, lekin klub ehtimoliy chempionlik paradiga o‘z vaqtida qaytib kelishni ta’minlash uchun charter reysidan foydalanishni talab qilishi mumkin.
E’tiborli jihati, «Arsenal»ning ushbu yondashuvi finalning ikkinchi ishtirokchisi «PSJ» pozisiyasidan keskin farq qiladi. Parij klubi rahbariyati o‘z xodimlarining finalga borish va chipta xarajatlarini to‘liq qoplab berishini ma’lum qilgan.
London klubi vakillari esa parvoz narxi «Arsenal» tomonidan belgilanmaganini ta’kidlashmoqda. Hozirgacha xodimlarning taxminan uchdan bir qismi taklif qilingan shartlarga rozi bo‘lib ulgurgan.













