«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik «Alaves»dan qabul qilingan mag‘lubiyatdan (0:1) so‘ng jamoaning bu mavsumdagi asosiy maqsadlaridan biri amalga oshmay qolganini tan oldi.
O‘yindan oldin kataloniyaliklar ushbu mavsumda jami 100 ochko jamg‘arishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan edi, biroq kutilmagan mag‘lubiyat bu imkoniyatga nuqta qo‘ydi.
«Biz chempionatda 100 ochko jamg‘armoqchi edik, lekin endi buning iloji yo‘q. Nima ham derdik, bu — futbol. Mag‘lubiyatga qaramay, bugungi o‘yinda ko‘plab ijobiy jihatlarni ko‘rdim. Ishlashda davom etishimiz va keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», — dedi germaniyalik mutaxassis matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, «Barselona» 36-turdan so‘ng 91 ochko jamg‘arib turibdi. Jamoa muddatidan oldin chempionlikni naqd qilgan bo‘lsa-da, qolgan ikki turdagi g‘alaba ham endi ularga 100 ochkolik dovonni zabt etish imkonini bermaydi.
Ayni damda «ko‘k-anorranglilar» ikkinchi o‘rindagi «Real Madrid»dan 14 ochko oldinda bormoqda, biroq «qaymoqranglilar» ushbu turdagi o‘z o‘yinlarini hali o‘tkazishmagan.













