«Real Madrid» yarim himoyachisi Federiko Valverdening jamoadagi kelajagi so‘roq ostida qolmoqda. Bunga uning jamoadoshi Orelyen Tchuameni bilan yuzaga kelgan nizosi sabab bo‘lgan, deb xabar bermoqda AS nashri.
Vaziyatni Yevropaning bir qator grand klublari, xususan, «Manchester Siti» diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Shaharliklar» o‘tgan yozda ham Valverde bo‘yicha «Real»ga murojaat qilgan, biroq o‘shanda transfer imkonsiz deb baholangan edi. Endilikda Manchester klubi urugvaylik futbolchi uchun 100–120 million yevro atrofida mablag‘ sarflashga tayyor.
Shuningdek, futbolchiga «Manchester Yunayted» va «PSJ» tomonidan ham qiziqishlar bor. Shunga qaramay, xabarda aytilishicha, Valverdening o‘zi yuz bergan ko‘ngilsizlikka qaramay, «Qirollik klubi»ni tark etish niyatida emas. Ayni damda yarim himoyachi jarohatidan tiklanish jarayonini o‘tamoqda.
Ma’lumot uchun, Valverde joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va 13 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













