Toshkent shahridagi “Humo Arena”da Olimpiada chempionlari va jahon yulduzlari ishtirokida professional boks oqshomi o‘tkaziladi. 29-may kuni bo‘lib o‘tadigan musobaqada Parij Olimpiadasi g‘olibi, Jahon va Osiyo chempioni Abdumalik Halokov hindistonlik Anish Kumarga qarshi ringga ko‘tariladi.
Avvalroq, Halokov tanzaniyalik Ramadan Iddiga qarshi bahs olib borishi mumkinligi xabar qilingan edi.
Bu o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi uchun prof ringdagi uchinchi jang bo‘ladi. U avvalgi ikki raqibini ham mag‘lubiyatga uchratgan. Hind bokschisi esa 5 ta g‘alaba, 6 ta mag‘lubiyat va 1 ta durang natija qayd etgan. G‘alabalarining barida raqiblarini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratgan. O‘zi esa ikki bor nokautga uchragan.
Ma’lumot uchun, turnirning markaziy jangi super yengil vazn toifasida INF va WBA yo‘nalishlari bo‘yicha sobiq Jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev ishtirokida kechadi. U venesuelalik Hegli Moskedaga (27-1) qarshi ringga ko‘tariladi.
Yana bir muhim jang ikki karra Olimpiya chempioni, kubalik Robeysi Ramires (17-3) hamda tojikistonlik mahoratli bokschi Asror Vohidov (13-1) o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Og‘ir vazn toifasida Olimpiya o‘yinlari chempioni Lazizbek Mullajonov (7-0) WBC Eurasia chempionlik kamari uchun ringga ko‘tariladi. Yana bir Olimpiada chempioni Abdumalik Halokov (2-0) ishtirokidagi bellashuv ham kechaning eng kutilgan janglaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bilan birga, yarim og‘ir vaznda mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan rossiyalik Ali Ismailov (13-0) ham WBC Eurasia kamari uchun bahs olib boradi.













