Madridning «Real» klubi yulduzi Kilian Mbappe klub prezidenti Florentino Peres haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Jamoaning sportdagi muvaffaqiyatsizliklari va kiyinish xonasidagi tinimsiz mojarolar fonida ayrim muxlislar «qaymoqranglilar» rahbarining ishidan norozilik bildirishgan edi. Biroq fransuz hujumchisi bu masalada mutlaqo boshqacha fikrda.
«Florentino Peres — o‘z ishining jahondagi eng zo‘r ustasi. Uning biz bilan ekanligidan juda omadimiz kelgan. Uning «Real» uchun qilgan ishlarini aslo unutish kerak emas», — deya Mbappening so‘zlarini keltiradi The Touchline nashri.
Chorshanba kuni madridliklar o‘z maydonida Gonsalo Garsiya va Jud Bellingemning gollari evaziga «Real Ovyedo»ni mag‘lub etishdi. Shunga qaramay, poytaxt jamoasi La Liga turnir jadvalida ikkinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydigan bo‘ldi.













