«Aston Villa» bosh murabbiyi Unai Emeri Premyer-liga doirasida «Liverpul»ga qarshi kechgan va 4:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan so‘ng o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. «Villa»ga Morgan Rodjers, Olli Uotkins (dubl) va Jon Makginnning aniq zarbalari uch ochko taqdim etdi. Mehmonlar tarkibida esa Virjil van Deyk dubl qayd etdi.
Birmingemliklar mavsum yakunlanishiga bir tur qolganda Chempionlar ligasi yo‘llanmasini naqd qilishdi.
«Fantastika. Bugungi uchrashuv biz uchun juda muhim edi. Biz «Liverpul» bilan to‘qnash keldik va o‘zimizni sinovdan o‘tkazdik. Birinchi bo‘lim oson kechmadi, ammo ikkinchi bo‘lim — shunchaki fantastika. Muxlislarga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Chempionlar ligasiga yo‘llanma olish — bu ajoyib. Biz Premyer-ligada ajoyib mavsumni o‘tkazdik va Yevropa ligasi finaliga chiqdik. Men juda faxrlanaman», — dedi Emeri Sky Sports ga bergan intervyusida.
20 may kuni «Aston Villa» Yevropa ligasi finalida «Frayburg»ga qarshi maydonga tushadi, 24 may kuni esa APLning so‘nggi turi doirasida safarda «Manchester Siti» mehmoni bo‘ladi.













