"Chelsi" jamoasining yetakchisi va bosh yulduzi Koul Palmer joriy mavsumda o‘ziga qarshi eng katta qarshilik ko‘rsatgan va maydonda eng ko‘p qiynagan yarim himoyachi kim bo‘lganini ochiqladi.
"Katta ehtimol bilan bu — Jeyms Garner. U xuddi soyamdek orqamdan bir qadam ham qolmay, menga yopishib yurdi. Menimcha, murabbiyi unga menga qarshi individual o‘ynashni va orqamdan ajralmaslikni buyurgan, shu sababli ham unga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ldi. Esimda, "Stemford Bridj"da ularga qarshi o‘ynaganimizda, u kim bilandir 5 daqiqaga pozisiyasini almashdi. O‘sha zahoti men bo‘shliqqa qarab yugurdim va gol urdim. Keyin unga qarasam, g‘azabdan yorilib ketay deyapti. Ko‘rishib qolganimizda, unga "futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi", dedim. U esa "ha, to‘g‘ri", dedi-yu, baribir haliyam ichidan jahli chiqayotgani bilinib turardi", — deya Palmerning Sky Sports telekanaliga bergan intervyusidan iqtibos keltiradi manba.
Ma’lumot uchun, "Everton" a’zosi hisoblangan Jeyms Garner joriy mavsumda mersisaydliklar libosida barcha musobaqalarda 39 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 3 ta gol va 7 ta golli uzatmani yozdirib qo‘yishga ulgurdi.













