Yakshanba, 17 may kuni La Liganing 2025/2026 yilgi mavsumi 37-turidan o‘rin olgan «Atletiko» — «Jirona» (1:0) uchrashuvidan so‘ng «Riyad Eyr Metropolitano» stadionida MLSga yo‘l olayotgan 35 yoshli fransiyalik hujumchi Antuan Grizmann bilan xayrlashuv marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda klubning qator afsonalari, jumladan Diyego Godin va Fernando Torres ham ishtirok etdi. Jamoa darvozaboni Yan Oblak, sardor Koke hamda himoyachi Xose Mariya Ximenes Antuanga esdalik sovg‘asi topshirdi. Unda fransiyalik futbolchining suratlaridan tayyorlangan raqamli futbolka va «Atletiko» futbolchilarining imzolari joy olgan.
Shundan so‘ng Madrid klubining hozirgi tarkibi xotira uchun jamoaviy suratga tushdi.
Marosim yakunida esa Antuan Grizmann 2014 yilda «Visente Kalderon» stadionidagi taqdimot paytida tushgan mashhur suratini yana bir bor takrorladi.
«Jirona»ga qarshi bahs Grizmann uchun «Atletiko» safidagi 500-o‘yin bo‘ldi. G‘alabali uchrashuvda u Ademola Lukmanning goliga assist amalga oshirdi.
«Atletiko» safida Antuan 212 ta gol urdi. Shuningdek, u Ispaniya Superkubogi (2014), Yevropa Ligasi (2018) va UYEFA Superkubogi (2018) g‘olibi bo‘lgan.
MLSda fransiyalik futbolchi yozda erkin agent sifatida qo‘shiladigan «Orlando Siti» klubi sharafini himoya qiladi.













