«Lasio» prezidenti Klaudio Lotito jamoaning hozirgi holati va rejalari haqida to‘xtalib o‘tdi. Chempionat yakuniga bir tur qolganda rimliklar turnir jadvalida 9-o‘rinda bormoqda.
«Menda qayta boshlash uchun barcha sharoitlar bor deb hisoblayman. Bu juda g‘alati mavsum bo‘ldi. 22 yillik faoliyatim davomida bunaqasini ko‘rmaganman. Ko‘plab jarohatlar va turli ko‘ngilsizliklar natijalarimizga jiddiy ta’sir qildi. Umid qilamanki, bu mavsumni ortda qoldirib, yangi ishtiyoq bilan ish boshlaymiz. Biz jamoani qayta tashkil etamiz va muxlislarimizni yana xursand qilishga harakat qilamiz», dedi Lotito.
Ma’lumot uchun, «Lasio» joriy mavsumda Italiya Kubogi finaliga qadar yetib bordi, biroq hal qiluvchi bahsda «Inter»ga imkoniyatni boy berdi.













