Joze Mourinyo allaqachon "Real" tarkibini rejalashtirishni boshlagani haqida gap-so‘zlar yuribdi. Portugaliyalik top-murabbiy madridliklar rahbariyatidan to‘rtta pozisiyani kuchaytirishni so‘ragani, ulardan biri – o‘ng qanot himoyasi ekanligi haqida ma’lumotlar paydo bo‘lgandi.
Dushanba kuni "Real" Dani Karvaxal jamoadan ketishini e’lon qildi va endi madridliklarga Trent Aleksandr-Arnold bilan raqobatlasha oladigan futbolchi kerak. Jurnalist Migel Serranoga tayangan holda The Touchline nashrining xabar berishicha, Joze Mourinyoga himoyachi Diogu Dalotning o‘yini juda yoqadi. "Special One" Madrid klubidan "Manchester Yunayted"ning 27 yoshli portugaliyalik futbolchisini sotib olishni so‘rashi mumkin.
Nufuzli Transfermarkt portali Diogu Dalotning transfer qiymatini 30 million yevroga baholamoqda. Avvalroq ushbu himoyachi "MYU" safida Mourinyo qo‘l ostida to‘p surgan.













