«Nyukasl» qanot himoyachisi Lyuis Xoll faoliyatini «Manchester Yunayted»da davom ettirishi mumkin. Bu haqda jurnalist Aleks Kruk xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, 21 yoshli angliyalik futbolchi boshqa klublar tomonidan qiziqish ortib borayotgan bir paytda «Nyukasl»ni tark etishga tayyor. «Manchester Yunayted» esa ayni damda yangi chap qanot himoyachisi izlayotgan klublardan biri hisoblanadi. Tarqalgan mish-mishlarga qaraganda, «qizil iblislar» sport direktori Jeyson Uilkoks Xollning o‘yiniga katta qiziqish bilan qaraydi.
Joriy mavsumda Xoll barcha turnirlarni inobatga olgan holda 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 1 ta gol va 2 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali mutaxassislari himoyachining transfer bahosini 35 million yevroga baholamoqda.













