Italiyalik mutaxassis Enso Mareska «Manchester Siti» bosh murabbiyligi lavozimida Xosep Gvardiolaning o‘rnini egallashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu tayinlov «Chelsi» klubining kompensasiya (tovon puli) olishini anglatadi, deb qayd etmoqda Goal.com nashri. Biroq to‘lanishi kerak bo‘lgan aniq summa hozircha oshkor qilinmayapti.
Agar tomonlar o‘zaro mos keluvchi kelishuvga erisha olishmasa, «Chelsi» rahbariyati masalani huquqiy yo‘l bilan hal qilishning turli variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Mareska va «Manchester Siti» klubiga yaqin bo‘lgan manbalarning ta’kidlashicha, murabbiy har qanday vaziyatda ham o‘z vazifasini bajarishga kirisha oladi.
Qayd etilishicha, Mareskaning «Chelsi»dan ketganiga qaramay, u bilan tuzilgan shartnoma hanuz huquqiy kuchga ega. Aynan shu omil italiyalik murabbiyning sobiq klubi bilan xayrlashish uchun yirik miqdordagi mablag‘dan voz kechishiga sabab bo‘lmoqda.













