Joze Mourinyo «Real» tarkibini kuchaytirishni maqsad qilgan.
Avvalroq, Madrid klubi portugaliyalik mutaxassis bilan ikki yillik shartnoma borasida kelishuvga erishgani va «Benfika»ga 3 million yevro miqdorida tovon puli to‘lagani haqida xabar berilgan edi.
Marca nashrining xabariga ko‘ra, Chempionlar Ligasi doirasida «Benfika» va «Real» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar Mourinyoga madridliklarning zaif tomonlarini aniqlab olish imkonini bergan. Portugaliyalik murabbiyning fikricha, jamoada yaqqol disbalans (muvozanatning buzilishi) mavjud — ayrim pozisiyalarda futbolchilar haddan tashqari ko‘p, boshqa chiziqlarda esa sog‘lom raqobat yetishmayapti. Shu sababli, Mourinyo klubga yangi o‘yinchilarni sotib olish, shuningdek, mavjudlarini sotib yuborish jarayonlariga shaxsan o‘zi ta’sir o‘tkazish niyatida.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, Mourinyo jamoada yuz berayotgan barcha narsani nazorat qilishni o‘ta muhim deb hisoblaydi. Shu bois u klub rahbariyati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishni va o‘z qarorlarini begonalarning aralashuvisiz, mustaqil ravishda qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lishni istamoqda.













