Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachisi Deklan Rays jamoaning Angliya chempionatidagi muddatidan oldin qo‘lga kiritilgan g‘alabasiga munosabat bildirdi. «Kanonirlar» APL 37-turi doirasida «Manchester Siti» va «Bornmut» o‘rtasidagi uchrashuvda qayd etilgan durang (1:1) natijasidan so‘ng Premyer-liga g‘olibiga aylanishdi.
«Biz chempion bo‘la olishimizga ishonardik va buni bilardik. Klubning so‘nggi o‘n yil ichida bosib o‘tgan yo‘lini hisobga olsak, bu juda hayajonli lahzadir. Ko‘plab ko‘tarilishlar va pasayshlar bo‘ldi. Men bu yerga kelganimga unchalik ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q, lekin bu haqda ko‘p eshitganman va hozir ushbu bayramning bir qismi bo‘lish — o‘zgacha bir tuyg‘u», – deya ingliz xavbekining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Arsenal Radar.
«Arsenal» uchun bu 2004 yildan buyon qo‘lga kiritilgan ilk chempionlik hisoblanadi. Eslatib o‘tamiz, Deklan Rays jamoa safiga 2023 yilning yozida «Vest Xem» klubidan ko‘chib o‘tgan edi.













