«Arsenal» klubi sobiq yarim himoyachisi Granit Jaka jamoaning chempionlikni qo‘lga kiritganidan keyingi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Hozirda «Sanderlend» sharafini himoya qilayotgan shveysariyalik futbolchi «kanonirlar»ning muvaffaqiyatiga munosabat bildirib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida post qoldirdi.
«O‘zgacha jamoa, ajoyib futbolchilar. Muvaffaqiyatga bo‘lgan ishonchini hech qachon yo‘qotmagan klub. Bularning barchasi sening sharofating bilan, Mikel [Arteta]. Barcha shubha qilganlar murabbiyning mehnatini munosib baholashlari va unga hurmat ko‘rsatishlari kerak. Butun «Arsenal» oilasini tabriklayman. Bir marta «kanonir» bo‘ldingmi — demak, bir umr «kanonir»san», — deb yozdi Jaka.
«Arsenal» 22 yil ichida ilk bor chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Titul taqdiri seshanba kuni bo‘lib o‘tgan «Manchester Siti» va «Bornmut» o‘rtasidagi uchrashuvda qayd etilgan durang (1:1) natijasidan so‘ng hal bo‘ldi.













