«Barselona» yarim himoyachisi Gavi Madridning «Real» klubi kiyinish xonasida yaqinda sodir bo‘lgan mojaroli voqea haqida o‘z fikrini bildirdi. Avvalroq matbuotda yarim himoyachilar Federiko Valverde va Orelyen Tchuameni o‘rtasida mushtlashuv kelib chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ushbu to‘qnashuv natijasida urugvaylik futbolchi boshidan jarohat olgan, fransuz esa «Barsa»ga qarshi keyingi o‘yindayoq maydonga tushgan edi.
«Valverde va Tchuameni o‘rtasidagi mushtlashuv? Mening fikrimcha, agar futbolchilar o‘zaro mushtlashib ketishgan bo‘lsa, murabbiy ularni keyingi uchrashuvda maydonga tushirmasligi kerak. Agar bu gaplar rost bo‘lsa, uni [Tchuamenini] «el-klasiko»da maydonga tushirish xato edi. Ammo u yerda aslida nima sodir bo‘lganini men aniq bila olmayman», – dedi Gavi Mundo Deportivo nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni «ko‘k-anorranglilar» «Real»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan oldin Ispaniya chempioniga aylanishgan edi.













