Milanning «Inter» klubi hujumchisi Lautaro Martines o‘zining sermahsulligi haqidagi savolga javob berdi. «Neradzurrilar» sardori Italiyadagi eng yaxshi mavsumlaridan birini o‘tkazmoqda — biroq to‘purarlik borasida emas. Argentinalik forvard jamoaviy o‘yinga qo‘shayotgan hissasi uchun tobora ko‘proq maqtovlarga sazovor bo‘lmoqda.
«To‘g‘risini aytsam, o‘zimda qancha gol borligini aniq bilmayman ham. Menga faqat «Inter» tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda ekanligim ma’lum, xolos, undan uyog‘ini bilmayman. Men o‘z ko‘rsatkichlarimga mukkamdan ketgan emasman», – dedi Lautaro La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.
Martines yakuniy tur oldidan 17 ta gol bilan A Seriya to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda. Futbolchi joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida maydonga tushgan 40 ta uchrashuvida jami 22 ta aniq zarbani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.













