Fransiyaning «Parij» klubi prezidenti Antuan Arno kelajakda Yurgen Kloppni o‘z jamoasi bosh murabbiyi sifatida ko‘rishni istaydi. Bu haqda RMC Sport xabar bermoqda.
Rahbariyat jamoani shu yilning fevral oyida qabul qilib olgan va natijalar hamda o‘yin sifatini sezilarli darajada yaxshilashga muvaffaq bo‘lgan amaldagi bosh murabbiy Antuan Kombuareni olib qolmoqchi. Biroq 62 yoshli mutaxassisning sog‘lig‘ida muammolar bor va bu uning keyingi faoliyatiga xalaqit berishi mumkin.
«Agar biz Chempionlar Ligasiga yo‘llanma olsak, Yurgen Kloppni jamoamizni boshqarishga ko‘ndirishni istardim. Hamma Klopp haqida orzu qiladi. Ammo bu yaqin yillar ichida sodir bo‘ladigan voqelik emas — balki uch, to‘rt yoki besh yil haqida gap ketayotgandir», — dedi Arno.
Uzoq yillar davomida quyi ligalarda yurgan «Parij» klubi Fransiya chempionati joriy mavsumini o‘n birinchi o‘rinda yakunladi.













