Kirish Ro'yxatdan o'tish
20/05 00:15 Chelsi 2-1 Tottenhem
22/05 23:45 Fiorentina - Atalanta

“Bunyodkor” stadioni ishchilarining qariyb 900 mln so‘mlik ish haqlari undirildi

“Bunyodkor” stadioni ishchilarining qariyb 900 mln so‘mlik ish haqlari undirildi

Baho:
+ | -

“Bunyodkor” stadioni xodimlarining bir necha oydan buyon to‘lanmasdan kelingan ish haqlari to‘liq undirib berildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, inspeksiyaning yozma ko‘rsatmasiga asosan, korxonada mehnat qilayotgan 49 nafar xodimning jami 867 million so‘mlik ish haqi qarzdorligi to‘liq to‘lab berilishi ta’minlandi. Hozirda xodimlar oldida oylik bo‘yicha hech qanday qarzdorlik mavjud emas.

O‘zi nima gap?

Avvalroq “Bunyodkor” stadioni direksiyasining bir guruh texnik xodimlari (qorovul, santexnik, farrosh va elektriklari) oylik maoshi o‘tgan 2025 yilning dekabr oyidan buyon kechikayotgani sababli og‘ir iqtisodiy ahvolda qolganidan shikoyat qilib, ommaviy axborot vositalariga murojaat qilgan edi. Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, futbolchilar va akademiya xodimlariga maoshlar o‘z vaqtida berilgan, biroq yuqoridagi kasb egalarining oyligiga kelganda pul yetmay qolgan.

Hatto ayrim xodimlar oylik yo‘qligi sababli kreditlarini to‘lay olmay, uylaridagi maishiy texnikalarini oldirib qo‘yishgani, tirikchilik uchun uy jihozlarini sotishga majbur bo‘lishganini aytishgan. Stadion ma’muriyati esa oyliklar kechikishini yangi homiy aniq bo‘lishi jarayoniga bog‘lagan edi.

“Bunyodkor” nega pulsiz qoldi?

Ushbu inqirozli vaziyat stadionni moliyalashtirish tizimi o‘zgargani bilan bog‘liq. Shu paytgacha ob’ektni saqlash xarajatlari prezident qarori asosida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan qoplab kelingan. Biroq gaz qazib olish hajmining kamayishi va tizimli muammolar fonida, kompaniya o‘ziga xos bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish doirasida 2026 yil 1 yanvardan boshlab “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublarini moliyalashtirishni to‘xtatgan.

Garchi davlat byudjetidan Superliga klublarining o‘ziga muayyan mablag‘lar ajratilgan bo‘lsa-da, 100 foizlik ulushi O‘zbekiston futbol assosiasiyasiga tegishli bo‘lgan “Bunyodkor” direksiyasini (stadion xizmatchilarini) moliyalashtirish manbasi ochiq va haligacha noaniq bo‘lib qolayotgan edi.

Davlat mehnat inspeksiyasining aralashuvi bilan oyliklarini ololmay sarson bo‘lgan 49 nafar ishchining muammosi hal qilindi. Inspeksiya xabarida oyliklar qaysi mablag‘lar hisobiga qoplab berilgani haqida ma’lumot yo‘q.

Manba: daryo.uz
Kiritildi: 08:54, 21.05.2026.
O'qildi: 474 marta.
Fikrlar: 0 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.


счётчик