Mashhur sobiq himoyachi Yap Stam Londonning «Arsenal» va «PSJ» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak Chempionlar ligasi finali haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uchrashuv 30 may kuni Budapeshtda bo‘lib o‘tadi. «Kanonirlar» o‘z tarixida ilk bor eng nufuzli yevrokubokda zafar quchishlari mumkin.
«Arsenal»da juda yaxshi imkoniyatlar bor. «PSJ»da ham, xuddi «Bavariya»dagi kabi, individual jihatdan juda iqtidorli bo‘lgan ajoyib futbolchilar yig‘ilgan, biroq bu jamoalar o‘z darvozalaridan ko‘p gol o‘tkazib yuborishadi. Bu ularning o‘yin uslubiga xos xususiyatdir — ular raqiblariga ko‘plab bo‘sh hududlar qoldirishadi. «Arsenal» esa bir jamoa bo‘lib pressing uyushtirishni juda yaxshi uddalaydi va bundan o‘z manfaati yo‘lida unumli foydalanishi mumkin», — deya 1999 yilda «Manchester Yunayted» safinda ushbu turnirda g‘olib chiqqan niderlandiyalik mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda Angliya OAVlari.
Final uchrashuvining boshlanishi Toshkent vaqti bilan soat 21:00 ga rejalashtirilgan.













