«Kristal Pelas» hujumchisi Jan-Filipp Mateta yil boshidayoq «Milan»ga o‘tishga juda yaqin kelgan edi, biroq o‘shanda kelishuv barbod bo‘lgandi.
Insayder Nikolo Skiraning ma’lumotlariga ko‘ra, «rossonerilar» fransuz futbolchisiga bo‘lgan qiziqishini hali ham saqlab turibdi va uni yozgi transfer oynasida o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin.
Hujumchining o‘zi ham joriy mavsum yakunlanganidan keyin «burgutlar» safini tark etishga tayyor. Jan-Filipp Mateta Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida maydonga tushgan 31 ta uchrashuvida o‘z hisobiga 11 ta gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Transfermarkt portali Fransiya terma jamoasi a’zosining bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda. Futbolchining «Kristal Pelas» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilga qadar mo‘ljallangan.













