Tajribali yarim himoyachi Daniel Parexo «Vilyarreal»ni tark etmoqda. Bu haqda Ispaniya klubi matbuot xizmati xabar berdi.
37 yoshli xavbek «sariq suv osti kemasi» tarkibida olti mavsumni o‘tkazdi. Parexo Ispaniya jamoasi safida jami 269 ta o‘yinda ishtirok etib, 16 ta gol urdi. Daniel «Vilyarreal» bilan birgalikda Yevropa Ligasi g‘olibiga aylangan, shuningdek, Chempionlar Ligasi yarim finaligacha yetib borgan edi.
Ispaniya chempionatining joriy mavsumida «Vilyarreal» turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. Yakuniy tur oldidan jamoa hisobida 69 ochko mavjud. Klub qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha uchinchi o‘rindagi Madridning «Atletiko» jamoasidan ortda qolmoqda.













