«Selta» klubi Yago Aspas futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin ham klub tizimida qolishini rasman e’lon qildi.
Vigo klubi jamoaning 38 yoshli sardori bilan shartnomani 2027 yilgacha uzaytirganini ma’lum qildi. Kelasi mavsum yakunida Aspas rasman faoliyatiga yakun yasaydi va «Selta» tizimida rahbarlik lavozimlaridan birini egallaydi.
«Yago Aspas o‘z hayotining mazmuniga aylangan klub bilan shartnomasini uzaytirdi. U buni xuddi afsonalarga xos tarzda — ham bugungi kun, ham kelajak uchun mas’uliyatni bo‘yniga olgan holda amalga oshirdi. U 2029 yilgacha mo‘ljallangan bitimga imzo chekdi va yana bir mavsum davomida maydonda «Selta» sharafini himoya qilishda davom etadi. Maydonni tark etganidan keyin esa u yana klubga qaytadi va uning boshqaruv tizimiga qo‘shiladi.
Bir paytlar «Selta» safida chiroyli gol urishni orzu qilgan Moanilik bolakay, yakunda butun bir muxlislar armiyasining yuragi va qalbiga aylandi. Imkonsiz narsalarni oddiy holga aylantira olgan akademiya tarbiyalanuvchisi hech qachon ishonishdan to‘xtamadi va butun bir avlodni «Selta»ga muxlislik qilish tuyg‘usi va faxri bilan ulg‘ayishiga sababchi bo‘ldi. U bilan birga unutilmas oqshomlar tarixga muhrlandi, uning gollari esa ishqibozlar xotirasining ajralmas qismiga aylandi. Rekordlar yangilandi, tarixiy uchrashuvlar o‘tkazildi va ushbu emblemaga nisbatan noyob tushuncha shakllandi. Klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar, moviy rangdagi libosni eng ko‘p kiygan futbolchi va uning xarakteri hamda ildizlarida o‘zlarini ko‘radigan muxlislar uchun mutlaq ramz.
Yago Aspas va «Selta» tarixi davom etadi», — deyiladi klub rasmiy bayonotida.













