A Seriyada so‘nggi tur o‘yinlari hali oldinda bo‘lsa-da, may oyining eng yaxshi futbolchisi nomi aniqlandi. Ushbu sovrinni «Inter» hujumchisi Lautaro Martines qo‘lga kiritdi. Bu haqda A Seriya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Italiya chempionatining may oyida o‘tkazilgan uchta uchrashuvida Lautaro Martines o‘z hisobiga bitta gol va ikkita golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.
Ma’lumki, may oyi boshida «Inter» muddatidan avval Italiya chempioniga aylangan edi. «Neradzurrilar» A Seriyaning so‘nggi turida safarda «Bolonya»ga qarshi maydonga tushadilar. O‘yin 23 may kuni Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.
Lautaro Martinesning «Inter» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning o‘rtalarigacha mo‘ljallangan.













