«Bavariya» yarim himoyachisi Tom Bishof Germaniya terma jamoasining Jahon chempionati uchun yakuniy qaydnomasidan joy olmadi. Nemis milliy jamoasi tarkibi payshanba kuni e’lon qilindi va undan Myunxen grandining 20 yoshli havbekiga joy topilmadi.
«U «Bavariya»da ko‘pincha biz uni terma jamoada tasavvur qilgan pozisiyada o‘ynamadi. Men Tomga u ro‘yxatga juda yaqin kelganini aytdim. Biz uning nomzodini oxirgi soniyagacha muhokama qildik. Menimcha, u joriy mavsumda «Bavariya»dagi umumiy o‘yin vaqtining atigi 30 foizida maydonga tushdi, xolos. Biroq kelajakda u ko‘proq o‘ynaydi va terma jamoa safida uni hali oldinda yirik turnirlar kutmoqda. Men uning iqtidorini juda yuqori baholayman. Albatta, u xafa bo‘ldi, lekin mening qarorimni to‘g‘ri qabul qildi. Uni porloq faoliyat kutmoqda», — deya Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmanning so‘zlarini keltirdi Bayern & Germany.
Eslatib o‘tamiz, Tom Bishof o‘tgan yilning yozida «Xoffenxaym»dan «Bavariya»ga o‘tgan edi.













