«Sassuolo» klubining markaziy himoyachisi Tarik Muxaremovich APLning ikki klubi qiziqishlari doirasida turibdi. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 23 yoshli futbolchining xizmatlariga «Tottenxem» va «Bornmut» jamoalari qiziqish bildirmoqda. Qayd etilishicha, Muxaremovichga bo‘lgan huquqlarning 50 foizi «Yuventus» klubiga tegishli bo‘lib, bosniyalik himoyachi 2025 yilning boshida aynan Turin klubidan «Sassuolo»ga ko‘chib o‘tgan edi.
Italiya chempionatining joriy mavsumida Muxaremovich 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga ikkita gol va ikkita golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. «Transfermarkt» portali mutaxassislari himoyachining transfer bahosini 20 million yevroga baholashmoqda. E’tiborli jihati, «Sassuolo» uni o‘z vaqtida atigi ikki million yevro evaziga sotib olgan edi.













