“Manchester Siti” rasmiy sahifasi klubning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi nomini e’lon qildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Niko O’Rayli ushbu sovrin egasiga aylandi. Angliyalik himoyachi Abduqodir Husanov va Jeremi Dokuni ortda qoldirdi.
“Niko mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi sovrini uchun kurashda g‘olib chiqqan eng yosh futbolchimizga aylandi. U ushbu mukofotni 1998 yilda aynan 21 yoshida qo‘lga kiritgan Maykl Braundan ikki oyga yoshroqdir”, deyiladi xabarda.
O’Rayli joriy mavsumda “Siti” safida 53 ta uchrashuvda o‘tkazib, jami 4043 daqiqa maydonda harakat qildi.
“Shaharliklar” Angliya Liga Kubogi va Angliya Kubogidagi g‘alabalardan so‘ng ichki dublni rasmiylashtirdi. Bundan tashqari, APL bosh sovrini uchun “Arsenal” bilan 37-turga qadar kurash olib bordi va yakunda 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘tgan mavsumda himoyachi Yoshko Gvardiol “Siti”da mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.
Abduqodir Husanov uchun 2025/26 yilgi mavsum keskin yuksalish davri bo‘ldi. Husanov jarohatlar girdobida qolgan himoya chizig‘ini mustahkamlash maqsadida klub skauti Chiki Begiristaynning sa’y-harakatlari bilan 2025 yilning yanvarida “Lans”dan “Siti”ga kelib qo‘shilgan edi.
Pep Gvardiola uning o‘sishidan hayratda ekanligini yashirmadi va uni “top xarid”, klub uni sotib olishdan oldin ancha vaqt kuzatuv ostida ushlab turgani va u “murabbiy ko‘rsatmalarini juda tez oladigan maxsus futbolchi” ekanini ta’kidladi.
U ushbu mavsumda 34 ta o‘yinda maydonga tushdi, jumladan, Liga Kubogi va Angliya Kubogi finallaridagi yorqin o‘yinlari orqali “Siti” safidagi dastlabki sovrinlarini qo‘lga kiritdi.
So‘nggi paytlarda u yanvar oyida jamoaga kelgan Mark Gexi bilan mustahkam tandem hosil qildi. Bu juftlik jamoaga qo‘shaloq kuboklardan tashqari, mavsumning so‘nggi haftasiga Premyer Liga chempionligi uchun kurashishga ham mustahkam poydevor yaratib berdi.
Husanov, shuningdek, 2026 yilda yanvar va mart oylarining eng yaxshi futbolchisi mukofotlarini qo‘lga kiritgan edi.













