Angliya terma jamoasi va «Manchester Yunayted»ning sobiq yarim himoyachisi Pol Skoulz «Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi Xabi Alonsoga jamoa tarkibini kuchaytirish borasida o‘z tavsiyalarini berdi. Skoulzning fikricha, darvozabon Robert Sanches jamoaning asosiy muammosi hisoblanadi.
«Darvozabon — hozirgi «Chelsi»ning eng katta muammosi. Sanches jamoa uchun og‘ir yuk bo‘lib qolmoqda. U Xabi Alonso xohlaydigan uslubda o‘ynay olmaydi. Alonso hujumlarni darvozabon orqali boshlashni va to‘p nazoratini xohlaydi, buning uchun esa unga yangi darvozabon kerak bo‘ladi», — deya ta’kidladi sobiq futbolchi The Good, The Bad & The Football podkastida.
Ma’lumot uchun, Robert Sanches «Chelsi» safida 2023 yilning yozidan buyon to‘p surib kelmoqda. Uning London klubi bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yozigacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portali futbolchini 22 million yevroga baholamoqda.













