Afsonaviy murabbiy Arsen Venger Mikel Artetaning "Arsenal" boshqaruvidagi muvaffaqiyatlari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Ispaniyalik mutaxassis "kanonirlar"ni 22 yil ichida ilk bor Premyer-liga chempionligiga olib keldi, shuningdek, jamoa 20 yil deganda ilk bor Chempionlar ligasi finalida ishtirok etadi va tarixda ilk bor ushbu nufuzli yevrokubokni qo‘lga kiritishi mumkin.
"Arteta yaxshi ish bajardi, o‘yinchilarga intizom va kuchli jamoaviy ruhni singdirdi. Klub rahbariyati ham sabr-toqat va to‘g‘ri transfer investisiyalari uchun olqishga loyiq. Klub murabbiyga ishondi va tarkibni kuchaytirish uchun salmoqli mablag‘lar sarflab, uni qo‘llab-quvvatladi. Arteta hech qachon yetakchilik sifatlari yetishmovchiligidan qiynalmagan – u izchil va o‘ziga ishongan mutaxassis", – deya Vengerning so‘zlaridan iqtibos keltiradi "Arsenal Radar".
Eslatib o‘tamiz, "Arsenal"ning "PSJ"ga qarshi hal qiluvchi final uchrashuvi 30 may kuni bo‘lib o‘tadi.













