«Yuventus» Chempionlar ligasiga chiqa olmaganidan so‘ng, muhim o‘yinchilaridan biri bilan xayrlashishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Luchano Spalletti boshchiligidagi jamoa A Seriyada atigi oltinchi o‘rinni egalladi va kelasi mavsumda «byankonerilar» Yevropa ligasida ishtirok etadi.
Transfer News Live nashrining Gazzetta dello Sport'ga tayanib xabar berishicha, Turin klubiga transferlar orqali qariyb 60 million yevro ishlab olish talab etiladi. Jamoadan ketishi mumkin bo‘lgan nomzodlar qatorida Andrea Kambyaso, Gleyson Bremer, Kefren Tyuram va Fransishku Konseysau bor.
Klubdagi yagona «daxlsiz» futbolchi sifatida 21 yoshli hujumchi Kenan Yildiz e’tirof etilmoqda. Transfermarkt portaliga ko‘ra, yosh turk yulduzining transfer narxi 75 million yevroni tashkil etadi. O‘tgan mavsumda Yildiz 47 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta gol urdi va 10 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













