«Malyorka» jamoasi bosh murabbiyi Martin Demikelis bilan shartnomani uzaytirganini ma’lum qildi. Endilikda argentinalik mutaxassis bilan tuzilgan yangi bitim 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, 45 yoshli murabbiy «Malyorka»ni joriy yilning mart oyida qabul qilib olgan edi, biroq uning kelishi jamoani elita divizionidan chiqib ketishdan saqlab qola olmadi. 38-tur yakunlariga ko‘ra, «Malyorka» 18-o‘rinni egallab, Segundaga (Ispaniyaning ikkinchi divizioni) yo‘l oldi. Klub rahbariyati mutaxassisga bo‘lgan ishonchini saqlab qolib, u bilan yana ikki yillik shartnoma imzoladi. Klubning asosiy maqsadi — Demikelis boshchiligida jamoani tezroq La Ligaga qaytarish.
Ma’lumot uchun, Demikelis «Malyorka»ga kelishidan avval «Bavariya» yoshlar jamoasida, «River Pleyt» va Meksikaning «Monterrey» klublarida ishlagan. Futbolchilik faoliyatida esa u «Bavariya», «Atletiko» va «Manchester Siti» kabi jamoalarda o‘ynagani bilan yaxshi ma’lum.













