Avval xabar qilinganidek, «Atletiko» hujumchisi Xulian Alvares faoliyatini «Barselona»da davom ettirishi mumkin. Taniqli insayder Fabrisio Romanoning ma’lum qilishicha, kataloniyaliklar madridliklarga argentinalik forvard transferi bo‘yicha birinchi rasmiy taklifni yuborgan.
Xabarlarga ko‘ra, «Barselona» 25 yoshli futbolchi uchun 100 million yevro to‘lashga tayyor. Ushbu kelishuvga bonuslar yoki boshqa futbolchilar kiritilmagan — gap aynan belgilangan summa haqida ketmoqda.
Alvares La Liganing o‘tgan mavsumida 29 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uning madridlik klub bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, futbolchining bozor qiymati 90 million yevroga baholanmoqda.













